Ukraina Mudofaa vazirligi Rossiya qo‘shinlari Xarkov viloyati shimolida mudofaa chizig‘ini yorib o‘tishga uringanini ma’lum qildi. Vazirlikka ko‘ra, barcha hujumlar qaytarilgan, ammo janglar davom etmoqda. Chegaradagi qishloqlarda mahalliy aholini evakuatsiya qilish boshlandi.
Rossiya harbiylari Ukrainaning Xarkov shahridagi teleminoraga raketa hujumi uyushtirdi. Videotasvirlardan teleminoraning yuqori qismi qanday qulab tushganini ko‘rish mumkin.
Rossiyaning raketa hujumlari oqibatida Ukraina deyarli barcha issiqlik elektr stansiyalarini yo‘qotdi, atom elektr stansiyalari esa o‘qqa tutilish xavfi ostida, dedi prezident Vladimir Zelenskiy. U yana ittifoqchilarni mamlakatni havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlashga chaqirdi.
Rossiya Ukrainaning Chernigov shahri markaziga raketa hujumini uyushtirdi, oqibatda kamida 13 kishi halok bo‘ldi, 60 dan ortiq kishi jarohatlandi. Rasmiylar turar joy binolari va fuqarolik infratuzilmasi zarar ko‘rganini bildirdi.
Rossiya Ukrainaning aholisi bo‘yicha ikkinchi shahri bo‘lgan Xarkovni yashash uchun yaroqsiz “kulrang zona”ga aylantirmoqchi, deb yozmoqda Economist. Dekabr oyidan boshlab Rossiya armiyasi shaharni bombardimon qilishni kuchaytirdi, shuningdek, boshqariladigan aviabombalardan foydalanishni boshladi.
Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi yangi yirik hujumni boshlashi mumkin, Kiyevning unga bardosh bera olish qobiliyati esa bir yil avvalgiga nisbatan “ishonchsizroq ko‘rinmoqda”, deb yozdi Economist. Ukraina zudlik bilan ko‘proq qo‘shin mobilizatsiya qilishi va ishonchli mudofaa chizig‘i qurishi kerak.
12-martga o‘tar kechasi Rossiyaning kamida to‘qqizta hududiga dron hujumlari uyushtirildi. Nijegorod viloyatidagi “Lukoyl” NQIZda yong‘in sodir bo‘ldi, Belgorodda esa dron shahar ma’muriyati binosiga urildi. Ukraina hududidan kelgan diversantlar Kursk va Belgorod viloyatlariga bostirib kirishga urindi.
Ukraina yozgacha Rossiyaning hujumi tezlashib, Ukraina armiyasida o‘q-dorilar yetishmasligi sharoitida Kiyev mudofaasini yorib o‘tishi mumkinligidan xavotirda, deb yozdi Bloomberg.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaga qarshi ikki yildan beri davom etayotgan keng ko‘lamli urushda 31 ming ukrainalik askar halok bo‘lganini aytdi. Bundan tashqari, mamlakatning bosib olingan hududlarida yana o‘n minglab tinch aholi vafot etgan.
Rossiya Ukrainaning bosib olingan hududlaridagi qurilish ishlari uchun qo‘shni davlatlardan minglab mehnat migrantlarini yollamoqda, ammo ularning ba’zilari xandaq qazish va frontda jang qilishga majbur bo‘lmoqda, deb yozdi Bloomberg. O‘z mamlakatida esa ular yollanganlik uchun qamalishi xavfi mavjud.
Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy lavozimini tark etdi. Uning o‘rniga quruqlikdagi qo‘shinlar boshlig‘i Aleksandr Sirskiy tayinlandi. Prezident Vladimir Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari rahbariyati to‘liq yangilanishini ma’lum qildi.
7-fevral kuni ertalab Ukraina yana o‘qqa tutildi, bir qancha hududlarda portlash ovozlari eshitildi. Kiyevda hujum tufayli 18 qavatli turar joy binosi yonib ketdi, kamida uch kishi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq kishi jarohatlandi.
Rossiya qo‘shinlarining Ukraina shaharlari, jumladan, Kiyev va Xarkovga bergan yirik raketa zarbalari tufayli kamida 5 kishi halok bo‘ldi, 60 ga yaqin kishi jarohatlandi.
Ukraina Rossiya bilan urushdagi strategiyasini o‘zgartirib, 2024-yilda “faol mudofaa"ga o‘tmoqda, deb yozdi FT. Bu mudofaa chizig‘ini ushlab turish va bir vaqtning o‘zida dushmanning zaif tomonlarini qidirishni o‘z ichiga oladi.
Rossiya armiyasining Ukraina shaharlariga so‘nggi paytlarda bergan eng yirik zarbasi oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi, 80 dan ortiq kishi jarohatlandi. Kiyev, Lvov, Xarkov, Odessa va Dneprda portlashlar bo‘ldi. “Rossiya o‘z arsenalidagi deyarli hamma narsa bilan zarba berdi”, — dedi Ukraina prezidenti.
13-dekabrga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Kiyevga raketa hujumini uyushtirdi. Hodisa oqibatida 53 kishi jarohat oldi, qator obyektlarga zarar yetdi.
Qozog‘iston sudi mamlakat fuqarosini “Vagner” XHK tarkibida Ukrainadagi urushda qatnashgani uchun 6 yilu 8 oyga ozodlikdan mahrum qildi — u yollanish moddasi bo‘yicha aybdor deb topildi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Rossiya pasportini olgan migrantlarga Ukrainadagi urushda qatnashishni taklif qilish, rad etganlarni fuqarolikdan mahrum qilish taklifini bildirdi. Avgustdan buyon Rossiyada “yangi” fuqarolarga qarshi reydlar o‘tkazilib, voyenkomatlarga olib ketilib, chaqiruv qog‘ozlari berilmoqda.
Rossiya Ukrainada qo‘llagan Eron kamikadze-dronlarida Yevropada ishlab chiqarilgan komponentlar mavjudligi aniqlandi, deya yozmoqda Guardian. Yevropa kompaniyalari mahsulotlari Eronga bir nechta mamlakat, jumladan, O‘zbekiston orqali olib kirilgani ta’kidlangan.
Rossiya ommaviy axborot vositalarining Ukrainadagi urush haqidagi ritorikasini genotsidga chorlash deb hisoblash mumkin, deya ta’kidladi BMT komissiyasi. Rossiya armiyasining harbiy jinoyatlari, jumladan, fuqarolik infratuzilmasiga hujumlari va qiynoqlarga yo‘l qo‘yganiga oid ko‘plab dalillar ham to‘plandi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting